O'ylar
…Hozirgi adabiyotimiz naqadar yaxshi,
naqadar katta bo’lmasin, kelajakda yaratiladigan buyuk o’zbek
adabiyotining poydevori, faqat poydevori bo’lib qoladi.

Hayot- magnit, o’ziga tortadi, yozuvchi shu magnitni o’ziga yuqtira
olsagina kitobxonni o’ziga tortadi.

Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi.

Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o’tin yorishga sarf
qilish kerak emas.

Yozuvchi o’z ona tilisi ustiga o’z zamonasining boy madaniy tilini
bilmasdan qanot bog’lamaydi. Buning misolini adabiyotimiz tarixida,
hozirgi adabiyotimizda ko’rishimiz mumkin.

Yozuvchi… pokiza, chiroyli, burdli, subutli, haqgo’y bo’lishi kerak.

Yozuvchi yoshligida yoshligiga rioya talab qilsa talantiga shira
tushadi, erta qariydi, keyin qariligida qariligiga rioya talab
qiladi-yu umum adabityot gazini ko’rganida qunushadi, inqillaydi…
bizning yoshlarimiz toy bo’la turib otning tepkisini ko’taradigan
chayir, chaqqon, har qanday katta galadan ham uloqni olib chiqib,
xalqning sovriniga sazovor bo’ladigan chavandoz otlar bo’lib
yetishyapti.

Yozuvchini hech qachon hech kim ko’tarmaydi. Yaxshi yozuvchiniyaxshi
asarlari ko’taradi, yaxshi yozuvchi ko’tarilib ketganini hatto o’zi
bilmay qoladi.

Yozuvchi o’z ijodiy ishidan hech qachon qanoat hosil qilmaydi,
qanoat qilgan kuni, menimcha, yomon qarigan laqma sopolga aylanadi.

Yozuvchi biron asar yozish uchun qo’liga qalam olganda hammadan
burun ko’z oldiga shu narsani o’qiyotgan o’quvchini keltirsin,
asarning har bir satri ko’z oldidan o’tganida chehrasida bo’ladigan
o’zgarishni ko’rib tursin. Yozuvchi o’zini kattakon, bilimdon,
yuksak zavq egasi bo’lgan kishi oldida imtihon berayotganday sezsin.

Adabiyot-hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan
qurtdan farq qilmaydi.

Umid bilan qo’liga qalam olgan, el-yurtga yozish-chizishi bilan
xizmat qilishni istagan, shu yo’l bilan ko’proq va yaxshiroq xizmat
qila olishiga ko’zi yetgan har bir kishining amali yaxshi asarlar
yaratish bo’ladi.

Bolalar yozuvchisi, shubhasiz, talantli, bilimli, pedagog bo’lishi
kerak, lekin bularning ustiga o’zi odamoxun bo’lmasa, qadri bir pul.

Bolalar uchun kitob yozadigan kishi g’oyat usta san’atkor, katta
tajribali pedagog, tilning zarshunosi bo’lmog’i kerak

Yozuvchining vazifasi yaxshi asarlar yozish, xalq dilining tarjimoni
bo’lish bilangina cheklanmaydi, uning vazifasiga adabiyotni har
qanday balo-qaodan qo’riqlash, adabiyotning sergak, jasur posboni
bo’lish ham kiradi.

San’at asari chaqmoq, mushak, kamalak singari lahzani obod qiladigan
umri qisqa, mag’zi puch go’zallik emas, balki adabiyotni bezaydigan,
umri boqiy va mag’zi to’q go’zallikdir.

O’qishli kitob go’zallikdir, lekin go’zallikda ham go’zallik bor.
Qorong’i kechada otilgan mushak ham go’zal, quyoshga qarab xandon
tashlab turgan gul ham go’zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang
olov va oqish izlar go’zalligi ko’zni qamashtirsa ham puch
go’zallik, shuning uchun bebaqodir. Gulning go’zalligi esa to’q
go’zallik, chunki uning bag’rida hayot bor, shuning uchun abadiy
go’zallikdir. G’uncha guldan ham go’zalroq, chunki uning bag’rida
ikki hayot- o’z hayoti va yana gul hayoti bor.

Bir suhbatda birov san’at asarining yaxshi-yomonligi har kimning
didi, ta’bi, o’sha tobdagi kayfiyatiga bog’liq, deb qoldi. Sirtdan
qaraganda, bunga qarshi bir nima deb bo’lmaydiganga o’xshaydi, lekin
haqiqatda bu ta’rif san’atning qalbiga xanjar uradi, uning qanotini
qayiradi.

Biz bu asarni yomon, ikkinchisini yaxshi, uchinchisini so’z
san’atining mo’jizasi deymiz. Shunda hammadan burun nimani ko’zda
tutamiz? Avval shu savolga javob berish kerak.
Modomiki, kitob keng o’quvchilar ommasi uchun yozilar ekan, bu
savolga o’sha omma nuqtai nazaridan qarab javob berish zarur. Omma
o’zini maftun qiladigan, rohat bag’ishlaydigan narsani o’qiydi.
O’shani yaxshi asar deb biladi. O’quvchi kitobni “madaniyatdan
orqada qolmaslik uchungina emas, zo’r rohatdan mahrum bo’lmaslik
uchun o’qisa hisob. Shunday asar yaxshi asar bo’ladi… Assar
to’g’risida eng to’g’ri, xolis yozilgan taqriz kutubxonaning
daftarida bo’ladi.
Eng yaxshi tomosha bo’lmagan drama, qo’lga olish bilan jozibasiga
tortib ketmaydigan adabiy asar yaxshi narsa bo’lmaydi. Agar birov
yozuvchi asarning shu tomoniga e’tibor qilgani erinsa yokierinmagani
taqdirda ham udda qilolmasa-yu o’zining ojizligini,
mas’uliyatsizligini “mazmun”, “olijanob maqsad” iboralari ostiga
berkitsa, san’atni, eng muhim tarbiya qurolini beburd qilgan
bo’ladi.
Maqsad naqadar olijanob bo’lmasin, Chexovning tili bilan aytganda,
“qurbaqaga shaker sepib berganing bilan baribir yemaydi”.

Bizda hissiz yozilgan, nuqul aql sotadigan, kitobxonni adabiyotdan
bezdiradigan sovuq kitoblar oz emas. Bu xildagi kitoblar kitobxonga
bir nima berish o’rniga o’z avtorining sharmandasini chiqaradi.:
modomiki, yozuvchi voqelikdan ilhom olmagan ekan, modomiki,
voqealarning mohiyatini, odamlarning dilini anglamagan ekan, bu hol
uning hayotga loqayd qaraganini, ichki darddamn mahrum, befarosat va
shapko’r ekanini ko’rsatadi. Yozuvchi kitobni ilhom oti bilan alanga
oldirmasa, kitobxonning qalbiga o’t yoqolmaydi. Kitob kitobxonning
qalbida ezgulikka otashin muhabbat, qabohatga omonsiz nafrat
uyg’otmasa, o’quvchini maftun qiladigan fazilatdan mahrum bo’ladi.
Masalan, mana shunday hikoya yozgan yozuvchiga nima ilhom berdi
ekan: ongli paxtakor chol o’g’liga g’ozani sug’orib qo’yishni
buyuradi. Ongsiz o’g’il kinoga ketadi, g’o’zani suv bosadi. Chol
o’g’lini o’tqazib qo’yib, agrotexnikadan leksiya o’qiydi. Shu bilan
yozuvchi kitobxonga agrotexnikadan ta’lim beradi.
Zaruratsiz, ichki dardsiz, ehtirossiz yozilgan asar o’lik bo’ladi.
Bundoq asarga hech qanaqa g’oya, muhim mavzu jon kirgizolmaydi.

Bizningcha, rangsiz, nursiz, haroratsiz yozilgan asarlar hayotni
chuqur o’rganmasdan, uning achchiq-chuchugini tatimasdan, o’sha
hayot odamlarining qalbiga qalbni payvand qilmasdan, dardsiz,
ehtirossiz, ya’ni ilhomsiz yozilgan asarlardir.

Navoiyning bir hikmatli so’zi bor:
Garchi quyoshdin parvarish olam yuziga om erur,
Sahroda kamqog’u tikan, bo’stonda sarvu gul bitar.
Ya’ni: quyoshning nuri barchaga barobar bo’lsa ham, sahroda tikanu
bo’stonda sarvu gul bitadi.
Bu juda chuqur, juda zo’r gap, do’ppini yerga qo’yib, xo’p mo’ylab
ko’radigan gap.
Bir xil talantga ega bo’lgan ikki odam bir xildagi sharoitda ikki
odam bo’lib qolishi mumkin.
Demak, yaxshi shoir bo’lish uchun katta talent, yaxshi sharoitning
o’zi kifoya qilmaydi.

Men adabiyotga qadam qo’ygandan beri adabiyotga kirib chiqqan
odamlarning soni bor sanog’i yo’q. Bularning bir qismi
yozish-chizishga bo’lgan havasini talant deb o’ylagan, shuning uchun
adabiyotga yanglish kirgan odamlardir.
Bularning yana bir qismi adabiyot qalbning bir chekkasini emas,
hammasini talab qilishini bilmagan, talant kun sayin mehnat bilan
jilo berib turilmasa, zanglab, butkul yaroqsiz holga kelib qoladigan
asbob ekanidan bexabar kishilar edi…
Hayotni tashkil qilolmaslik, yashay bilmaslik, turmushda
intizomsizlik adabiyotimizga katta zarar yetkazadi.

O’qishlik kitob yozish, uning har sahifasini, har satrini kitobxonga
manzur qilish, kitobxonni quvontirish, uning ko’nglini topish oson
emas. Bunday kitobni yozish uchun yozuvchining mahorati, kitob
yozishga havasi, hatto yengib bo’lmaydigan xohishi ham kifoya
qilmaydi, bularning ustiga dard, hayot bergan ilhom, kalla va
qalbdan boshqa har qanday mayda orzu-havasni, har qanday
manfaat-g’arazni quvib chiqaradigan yirik-yuksak g’oya mavj uradigan
ilhom kerak. Ilhom bilan mahorat toshgandagina kitob yozuvchining
qalbidan qo’shiqday otilib chiqadi, kitobxonning qalbida aks-sado
yangraydi.

Ko’p so’z yolg’onning yuzini pardalash uchun kerak. Qisqa yozish
uchun qattiq mehnat, erinmay o’qish kerak.

….Siz o’z uslubingizni yarating. Odamlar o’qiganda, avtorning
nomisiz ham maqola sizniki ekanini bilib oladigan bo’lsin. Uslubni
yarating, uni hamisha pok saqlang. O’z-o’zini hurmat qilmaydigan
odamni o’quvchi ham hurmat qilmaydi, o’qimaydi.

Yozuvchilik yurakning yarmini emas, hammasini talab qiladi. Ko’zning
nurini, belning quvvatini to’la oladi. Agar maymun mendek mehnat
qilsa, u ham yozuvchi bo’lib ketardi.

Yaxshi gap yetilgan qaziga o’xshaydi, chaynagan sayin mazasi
chiqaveradi.

Yozuvchilik- vijdon ishi. Yozuvchilikdan non yeyman degan odam xato
qiladi.Biron kasbni egallab, noningizni butun qiling, keyin yozuvchi
bo’ling. Ana unda manfaatga berilmaysiz, pul topish uchun yozmaysiz,
vijdoningiz “yoz” deganini yozasiz.

Agar yozuvchining axloq kodeksi tuzilsa, men halollik bilan
shijoatni birinchi o’ringa qo’yar edim.

Qaysidir bir mamlakatda hayvonot bog’ida keksa fil bor ekan,
zanjirband fil yuz yil davomida qoziq atrofida aylanibdi. Oqibatda
zanjir yeyilib, uzilibdi. Shundan keyin ham fil maromini buzmasdan
uzilgan zanjirni sudrab qoziq atrofida yana yuz yil aylangan ekan.

Adabiyot-muqaddas narsa, u-iste’dod mahsuli. Adabiyot orqali kun
ko’rmoqchi, boylik va shuhrat orttirmoqchi bo’lganlar bu muqaddas
dargohga yotdirlar.

Badiiy asar iste’dod tomonidan yaratiladi, u devor emaski, hashar
yo’li bilan tiklab qo’yish mumkin bo’lsa.

Har bir asar bamisoli gulga o’xshaydi. Gulning bir xili yaxshi hid
bersa, ba’zisi qo’llansa bo’ladi. Yozuvchi ham shunday, yaxshi bo’y
taratadigan bo’lishi kerak.

Qalam - ijodkor qo’lida bamisoli qilich, uni qanday o’ynata bilish
qalamni tutgan kishiga bog’liq. She’riyatmi, prozami,
dramaturgiyami…buning ahamiyati yo’q. hamma gap tanlangan mavzu,
yig’ilgan omil, ya’ni har bir masalligning qopqog’I, loyiq kelgan
o’z qozonida dimlangan-dimlanmaganida.

Timay qoqqan eshik ochiladi. G’oyibdan qandaydir bir ilohiy kuch
kutib yashash-suvga suyanganday gap.

Adabiy vahimachilikdan hanuz qutilmagan shubha bandalari tuyxumdsan
tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarnitirnoqlab, hidlab, iloji
bo’lsa, yozuvchining boshiga chertib ko’rishni, bulardan albatta
nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xi
limo ishoralar qilishni, chala-yarim gaplarni aytib, mish-mishlarga
oziq berishni o’zining kasbi hisoblaydi. Bu xildagi shubha bandalari
uchun yozuvchi ularning hukmini kutib, qora kursida o’tirgan
gunohkor: kitobxon, tomashabin esa bog’cha yoshidagi bolalar!

Asardagi har bir ism ortida tirik odam turadi. Rostki, kitobga bir
odamni olib kirdingmi, unga jon ato qilishing kerak. Yozuvchilikning
eng qiyin joyi ham shunda. Ko’p yozuvchilarimiz shundan oqsashadi.
Kitobda “qahramon” bor, qiladigan ishining tayini yo’q. Oti boru,
o’zi yo’q. Taqdiri yo’q.

Asar qahramoni iloji boricha torroq teshikdan o’tgani ma’qul. Shunda
uning kimligi ko’rinadi. Kitobxonning esida qoladi.

Ba’zi kitoblarning tiliga hayron qolaman. Qahramoni odamga o’xshab
gapirmaydi…

Adabiyotga o’g’ri mushukka o’xshab tuynukdan oshib tushadiganlar ham
bo’ladi…

Ba’zilar asariga chiroyli detal kiritishga o’ch bo’ladi. O’sha detal
chiroyli bo’lsa bordir. Ammo asarning bosh maqsadiga xizmat
qilmaganidan keyibn tegirmonchining mahsisiga o’xshab qolaveradi.
Oyoqni bir qoqsangiz yopishgan un gardi tushib ketadi-yu, burishgan
mahsi ko’rinib qolaveradi. Detal pardoz emas, husn bo’lib asarni
ochishi kerak…

Haqiqiy yozuvchi qanday mashhur bo’lib ketganini o’zi bilmaydi. Uni
xalq ko’taradi. Hayronman, bir xil yozuvchilar bor: men hali
o’lganim yo’q, deb pisanda qilish uchun asar yozib e’lon qiladi.
Asar degani dard bilan tug’iladi.

Adabiyotning tosh-tarozisi - o’quvchi, kitobxon. Uni yozuvchi
o’zidan bezdirishi kerak emas.

Toshi og’ir og’ayning bo’lgani bilan adabiyotga iste’dodsiz,
mehnatsiz kirib bo’lmaydi.
…Asar qovoqari chaqqanday semiz…

Semiz kitobning yuragi yaxshi tepmaydi.

Xomsemiz asar ustidan aspfalt qiladigan
mashina o’tkazish kerak.

Yozuvchilikning boshqa hunarlardan farqi-yozuvchi o’zini-o’zi
operatsiya qiladi: yozganini qisqartirib tashlay oladi.

Jozibadan mahrum bir qo’lyozmani Abdulla Qahhor varaqlab o’tirganida
yoniga shoir Sami Abduqahhor kirib qolibdi. Abdulla Qahhor
qo’lyozmani ko’rsatib:
- Bunday kitobni o’qish uchun sabrdan tashqari umr ham kerak. Umri
yetgan o’qiydi- degan ekan.

Yana asar haqida:
- Qahramoni shira bosib, asar davomida juda sekin o’sadi.

Ilhomsiz, ehtirossiz yozilgan asar
changlanmagan gulga o’xshaydi. Guli bor. Lekin meva, hosili yo’q.

Bunga o’xshagan yozuvchining yonidan ilhom parisi paranji yopinib
o’tadi…

Bir muallif bilan suhbat chog’ida:
-Aytiladigan gapning o’zini ayta berish kerak. Yoniga supurgi
bog’lab nima qilasiz?!

Yozuvchi ilhomining makoni-xalq dilida, shod odamning qahqahasida,
jabrdiydaning dodida, oshiq-ma’shuqlarning ko’zida!

Sami Abduqahhor Abdulla Qahhordan bir kitobni “o’qidingizmi?” deb
so’raganida, u kishi:
-Ha, o’qidim, lekin hazm qilib bo’lmaydigan asar ekan. Palag’da
tuxumga murch sepib bergan bilan uni yeb bo’lmaydi-ku?!-degan ekan.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi majlisidagi nutqidan:
-Biz oqsoqollar bir-birimizni yalaydigan bo’lib qolganmiz. Yoshlar
hech ro’y-xotir qilmay bizning kamchiliklarimizni ko’rsatib
berishlari kerak.

Ba’zi yozuvchining asarini eshitish uchun tekin quloq kerak bo’ladi.
Bu- uning xotini…

Asar agar katta adabiyotga kirmasa – asar emas. Bordi-yu, bo’ynidan
boylab olib kirilsa, u oyoqosti bo’ladi.

Shunday yozuvchilar bor: umrining birinchi yarmida nom chiqaradi. U
nomini boqadi. Umrining ikkinchi yarmida nomi uni boqadi. Adabiyotda
bunday bo’lmasligi kerak.

Gap qancha yaxshi bo’lsa, u shuncha qisqa bo’ladi.

Shunday tanqidchilar ham borki, bir yozuvchining bir asarini tanqid
qilib qo’yadi-da, keyin shu avtorning yangi asarini kutadi. U
to’g’rida “yaxshi gap aytib, avvalgisini yuvmoqchi” bo’ladi.

Yozuvchining mahorati shundaki, butun bahorni atigi chigitdek
keladigan g’o’ra ichiga qamab bera oladi.

Ilhom deymiz. Yozuvchiga ilhom qachon keladi? Ilhomning o’zi hech
qachon kelmaydi. Ilhomni yozuvchining o’zi qidirib borishi, topishi
kerak.
Ilhom deb atalgan parizod, nozanin yorning makoni qayertda?
Ilhomning makoni xalqning dilida majburiyat emas, zaruriyat,
xohishga aylangan mehnatningshavkati baxtiyor odamning qahqahasida,
jabrdiydaning ko’z yoshida, oshiq va ma’shuqlarning ko’zlari va
so’zlarida, odamda mehr va g’azab uyg’otadigan hodisa va
voqealarning mag’zida… Ilhom qidirgan yozuvchi xalqning qalbiga qo’l
solishi kerak.
Xalqning qalbiga uzoqdan qo’l solib bo’lmaydi, qo’l solish uchun
uning oldiga borish kerak.

His qilish uchun yozuvchiga o’zining shaxsiy kechinmalari bilan bir
qatorda mushohada ham yordam beradi. Yozuvchi o’zi boshidan
kechirgan va kechirishi mumkin bo’lmagan hodisalarnizo’r diqqat
bilan mushohada qiladi. Turmushni o’rganish degan so’zning ma’nosi
turmushni mushohada qilish demakdir. Eng zo’r yozuvchilar eng zo’r
mushohada kuchiga ega bo’lishgan. Odamlarning raftoriga oid eng
kichik narsalardan tortib, katta-katta ijtimoiy hodisalargacha zo’r
diqqat bilan o’rganishgan. Boshqa kishilarning diqqatini jalb
qilmagan hodisalar, bularning diqqatini jalb qilgan, e‘tiborini
tortgan.
Mana shuning uchun har bir asarda yozuvchining shaxsiy kechinmalari,
tarjimai holi unsurlari bo’ladi. Yozuvchi ba’zan biron tipga asaos
qilib haqiqatga mavjud odamni ham oladi. Bunday hollarda o’sha
mavjud odam tipning prototipi bo’ladi. Yozuvchi prototipning
o’zigagina xos sifatlarni, xislatlarni tashlab, tip uchun xarakterli
bo’lgan boshqa sifatlar, xislatlar qo’shadi. Shunday bo’ladiki,
prototip o’zi ekanini bilmaydi.

Hodisa shaklning yaralishiga turtki bo’ladi, hikoya yozib
chiqilgandan keyin, boshqa mazmunga kirishi mumkin. Bunday holatda
gap yana shundaki, yozuvchi ongidan ma’lum bir hayot hodisasining
alomatlari to’planadi, bu alomatlar obrazda gavdalanish uchun faqat
muayyan sababga, muayyan shaxs yoki vaziyatning topilishiga qarab
qoladi. Bunda yozuvchi tasavvurida shakllanib qolgan tipga bunday
muayyan shaxs ichki tomondan qanchalik mos kelishining ahamiyati
qolmaydi. Hodisaning mohiyatini yozuvchi belgilab olgandan keyin,
uni faqat ma’lum shaklga solish qoladi.

She’r-fikr ekstrakti bo’lishi jihatidan hikmat, ko’ngilga yo’l
topishi, undan o’ziga hamohang sado chiqarish jihatidan musiqa.

She’r oshiqning o’qi, musibat diydaning ko’z yoshi, saodat va surur
ifodasi bo’lgan qahqaha tovushi.

She’r ko’ngilning oynasi, ko’ngilda nima bo’lsa, shuni aks etadi.

She’r mas’um go’dak, riyoni bilmaydi. Riyo bo’lgan tyerda she’r
yo’q.

She’r- mo’jiza. Uning mo’jizalik sirlaridan
xabardor bo’lish, bu sirlarni jilovlash har kimga jham muyassar
bo’lavermaydi. Bunga erishish uchun zehn, sabr va mehnatdan boshqa
yana nimalar kerak.

Poeziya - yuksak san’at.

Ko’pgina oilalarda bolalar o’z ona tilisini mutlaqo bilmaydi! Bu
ota-onani zarracha ham tashvishga solmaydi. Ba’zi bir oilalarda bola
o’z ona tilisida gapirgani nomus qiladi! Ba’zi odamlar shuni
internatsionalizm deyishadi. Buning nimasi internatsionalizm?

Ko’chada biror odam qoidani buzsa, darrov militsionerning hushtagi
“chur”illaydi, qoidabuzar mo’maygina jarima to’laydi. Nega endi
tilimizni pisand qilmaydiganlar, uni har qadamda buzib rasvo
qilayotganlarning mushugini hech kim mushugini “pisht” demaydi?
Orqaga
Yuqoriga